
Muborak gazni qayta ishlash zavodining DKS (dojim kompressor stansiyasi) tarkibidagi to‘rtta gaz haydash agregati (GPA-100, GPA-200, GPA-300, GPA-400) uchun avtomatlashtirilgan texnologik jarayonlarni boshqarish tizimi (ATGT) modernizatsiya qilish ishlari muvaffaqiyatli yakunlandi.
Loyihaga ko‘ra, ishlab chiqarishni avtomatlashtirish tizimiga zamonaviy texnologiyalar joriy etildi. Bu esa GPA agregatlarining uzluksiz ishlashini, tizim va uskunalarning ishonchliligi va barqarorligini ta'minlab, ularning xizmat muddatini uzaytirishga xizmat qiladi.
Ishlar doirasida boshqaruv bloklari (kontroller uskunalari) zamonaviy modellarga almashtirildi hamda ATGT dasturiy ta'minotiga tegishli o‘zgartirishlar kiritildi.
Mazkur modernizatsiya ishlari agregatlarning ishonchli va barqaror ishlashini, favqulodda to‘xtashlar sonini kamaytirishni hamda mahsulot yo‘qotishining oldini olishni ta'minlaydi.