Aloqa ma'lumotlari
Sayt xaritasi
E’lon qilingan sana : 26.05.2025

"O'zbekneftgaz": Ishchi guruh tomonidan konlar faoliyati tahlil qilindi, aniqlangan kamchiliklar joyida bartaraf etildi

"O'zbekneftgaz" AJ Boshqaruvi Raisi Mehriddin Abdullayev boshchiligidagi "Ishchi guruh" Qashqadaryo viloyatidagi konlarda gaz qazib olishni oshirish va geologik-texnik tadbirlarni amalga oshirish holatini nazorat qilish ishlarini davom ettirmoqda.

Boshqaruv Raisi boshchiligidagi Ishchi guruhning o‘rganishlari konlardagi hozirgi holatni tahlil qilish, aniqlangan kamchiliklarni joyida bartaraf etish va bu orqali neft hamda gaz qazib olishni oshirishga yo‘naltirilgan.

Tashrifning ikkinchi kunida Ishchi guruh Boshqaruv Raisi boshchiligida Muborak neft-gaz qazib chiqarish boshqarmasiga qarashli qariyb 10 ta kondagi quduqlar faoliyati bilan tanishdi. "Zevarda" konidagi 335, 336, 321-sonli ishlayotgan quduqlar, u yerda olib borilayotgan burg‘ulash jarayonlari o‘rganildi. Burg‘ulash tashkiloti va boshqarma rahbariyati bilan reja asosida olib borilayotgan ishlar tahlil qilindi. Boshqaruv Raisi tomonidan burg‘ulash ishlarini jadallashtirish uchun zarur moddiy-texnik resurslar yetkazib berilishi bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Ayni paytda “Janubiy Kemachi” konida mavjud gaz quduqlari majmuasida yon magistral burg‘ulash bilan birga murakkab ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. 2023-yilda ushbu konning 13 ta qudug‘ida shunday ishlar rejalashtirilgan, hozirda 1, 2, 24, 64 va 144-sonli quduqlarda ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Ushbu jarayonda foydalanilayotgan maxsus texnika va uning imkoniyatlari muhokama qilindi. Boshqaruv Raisi mas’ul bo‘lim rahbarlariga mazkur konlardan olingan natijalar asosida bunday tadbirlarni keng qo‘llash masalasini o‘rganish bo‘yicha topshiriq berdi.

2023-yilda Muborak boshqarmasida geologik-texnik tadbirlar doirasida 26 ta (shundan 16 tasi qidiruv) quduq burg‘ulash, 245 ta quduqda kapital ta’mirlash va faollashtirish ishlari, shuningdek, 8 ta texnologik obyektni ishga tushirish rejalashtirilgan. Natijada 1 630,6 million kub metr tabiiy gaz va 14,3 ming tonna suyuq uglevodorod qazib olinadi.

"O'zbekneftgaz" AJ Matbuot xizmati